Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat tashkil etildi
Xodimlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlik boʻyicha bilimlarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha Navoiy viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari uchun Navoiy shahridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Muzeyda xodimlar vatanimizning tarixiy oʻtmishi, tinchligimiz yoʻlida jon fido qilgan ota-bobolarimiz haqida batafsil tushunchalarga ega boʻlishdi. Bundan tashqari, Oʻrta Osiyoning bosib olinishi, oʻtgan asrning 30-yillari boshlarida roʻy bergan siyosiy qatagʻon voqealari va bugungi dorilamon kunlargacha boʻlgan tarixiy yoʻllarning bosib oʻtilishi, qatagʻon qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Kunning ikkinchi yarmida xodimlar Navoiy viloyati kutubxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi kitoblardan maʼnaviy ozuqa olishdi. Mazkur tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad, xodimlarimizning bilim saviyalarini yana oshirish, ulardagi Vatanimiz tarixiga oid bilimlarini yanada mustahkamlashdan iborat.