Xodimlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻlida
Surxondaryo viloyatida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mavjud muammolarini oʻrganish maqsadida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼullari tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda, dastlab, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasiga eʼtibor qaratish, shukronalik hissi bilan yashash, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini oshirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan soʻz yuritilib, fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan soʻng, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot qilinib, ularning mavjud muammolari, takliflari tinglandi. Koʻtarilgan ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, ayrim muddat talab etiladigan murojaatlar tegishliligi boʻyicha masʼullar tomonidan nazoratga olindi.
Ochiq muloqotdan soʻng, harbiy xizmatchi va xodimlarning yashash xonadonlariga borilib, oilaviy sharoitlari oʻrganildi. Bu jarayonda ularning oila aʼzolari bilan suhbat qilinib, mavjud masalalari yechimiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirlar doirasida Termiz shahridagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari hamda ularning oila aʼzolari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik ham tashkil etildi. Tibbiy koʻrik davomida oilalarga sogʻlom turmush tarziga amal qilish, toʻgʻri ovqatlanish, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etish kabi dolzarb masalalar yuzasidan tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi. Shuningdek, bolalarning sogʻlom ulgʻayishi yoʻlida ular muntazam sport bilan shugʻullanishlari lozimligi ota-onalarga tushuntirildi va bu borada kerakli yoʻnalishlar berildi.