AYOL HARBIY XIZMATCHI VA XODIMALAR ISHTIROKIDA SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar “Qo‘riqlash” boshqarmasida “Yangi O‘zbekistonda oila va xotin-qizlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishning dolzarb masalalari” mavzusida ayol harbiy xizmatchi va xodimalar ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda tizimning viloyat boshqarmalari videokonferens aloqa orqali qatnashdi.
Seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S. Mamayusupov qutlov so‘zi bilan murojaat qildi. Unda so‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning o‘rni va mavqei ortib borayotgani, rahbar ayollar safi, jumladan, Milliy gvardiya tizimida ham ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, S. Mamayusupov o‘z nutqida “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovi qizlarda g‘alabaga intilish, yuksak jangovar va ma’naviy ruh, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilayotganiga urg‘u berdi. Shuningdek, ayol harbiy xizmatchi va xodimlarning xizmatlari nafaqat gvardiya qo‘mondonligi, balki davlat rahbariyati tomonidan ham yuksak qadrlanishini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Markaziy devoni Tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boshqarmasi ijtimoiy-huquqiy himoya (xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha) bo‘limi katta ofitseri podpolkovnik B. Ashurmatovaning ushbu yo‘nalishda Milliy gvardiya bo‘linmalarida xotin-qizlar jamoatchiligi kengashlari tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan ma’ruzasi tinglandi. Milliy gvardiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sog‘lom turmush tarzi va sport targ‘iboti borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Yig‘ilganlar e’tibori Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni, shuningdek, harbiy xizmatchi va xodimlar, erkin yollangan xizmatchilarning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Basitxanova Ilmira, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xotin-qizlarni huquqlarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i adliya maslahatchisi Yusupov Avazbek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi maslahatchisi, Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi eksperti, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi boshqarma boshlig‘i, professor Dilshod Mirzajonovalar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar, keyingi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinganini alohida ta’kidlashdi. Davlat rahbarining “2023 yilda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, qonuniy manfaatlari, gender tengligi, shuningdek, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ana shunday hujjatlardan biri bo‘ldi. Shu tariqa, prezidentimiz rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlarning ulushini 30 foizga yetkazish, jamiyatda ayollarga nisbatan zulm va zo‘ravonlikka qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, tadbirda Milliy gvardiya va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish, ayol harbiy xizmatchilar va Milliy gvardiya xodimlari hamda ularning oila a’zolari uchun, shu bilan birga, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, dunyoqarashi va intellektual salohiyatini kengaytirish hamda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.