Yangiliklar

19 Yanvar 2024

XODIMLAR UCHUN NAVBATDAGI OʻQUV YIGʻINI TASHKIL ETILDI

Shaxsiy tarkibning kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlash, jangovar-jismoniy holatini muntazam ravishda oshirib borish, sohaga oid huquqiy-normativ hujjatlar, qonunchilikdagi yangiliklar bilan xabardor qilish hamda "Qoʻriqlash" xizmati sifatini yanada oshirish maqsadida kuni kecha Qoʻriqlash bosh boshqarmasi hududiy qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlari ishtirokida oʻquv yigʻini tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan "Qoʻriqlash" tizimida hududlarda yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Xizmatni tashkil etish borasidagi amaliy natijalar muhokama etildi. Har bir viloyat misolida olib borilgan ishlar, shaxsiy tarkibning faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi tadbirlar tahlil qilindi. Ishonchli qoʻriqlovni taʼminlash davomida xodimlarning ish vaqtlarini aniq taqsimlash, ularni qonunchilikdagi yangiliklar bilan doimiy tanishtirib borish, xizmat yoʻriqnomasi va ish hujjatlar yurituvini amalga oshirishda eʼtiborni qaratish lozim boʻlgan jihatlar xususida toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, oʻquv yigʻini davomida bugungi kunda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarning turli koʻrinishlari, mamlakatimizda kuzatilayotgan turlaridan xabardor boʻlishlari, shuningdek kiberjinoyatlarni aniqlash va ularni fosh etish boʻyicha tajribali xodimlar murabbiyligi ostida oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini egallash imkoniyatiga ega boʻlishlari alohida taʼkidlandi.
«Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida»gi Qonunning mazmun-mohiyati yetkazilib, kiberjinoyat oqibatlaridan oʻz vaqtida aholini xabardor qilish, hamda ularning oldini olish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Oʻquv yigʻini yakunida 2024 yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar, istiqboldagi rejalar belgilab olinib, xodimlar oʻzlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.