Maktab oʻquvchilari uchun navbatdagi ochiq eshiklar kuni uyushtirildi
Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mintaqaviy oʻquv markazida Nukus shahridagi 50-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni uyushtirildi.
Tadbir avvalida mutaxassislar tomonidan shaxsiy tarkib uchun yaratilayotgan sharoitlar, xodimlarning xizmat olib borish tartibi hamda sohada olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.
Shundan soʻng oʻquvchilar oʻquv markazida psixologik xizmat koʻrsatish sifatini, xizmat xonalari va maxsus texnikalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.
Tadbirning yakunida mutaxassislar tomonidan ot sporti boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilib, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha yoshlarga koʻplab maʼlumotlar berib oʻtildi.