YOSHLAR UCHUN NAVBATDAGI OCHIQ ESHIKLAR KUNI TASHKIL ETILDI
Yoshlarning yozgi taʼtil kunlarini mazmunli tashkil etish va ularning harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlarini oshirib borish maqsadida Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlari tomonidan Mintaqaviy oʻquv markazida Ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda mahallalardagi otaliqqa olingan yoshlar, maktab oʻquvchilari va oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.
Shundan soʻng harbiy anjom-aslahalar va texnika koʻrgazmasi tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan Milliy gvardiya xodimlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, xodimlarning xizmat olib borish tartibi bilan yaqindan tanishtirildi.
Bundan tashqari, markazda tashkil etilgan muzey hamda kutubxonaga sayohat uyushtirildi. Yakunda esa kamondan otish boʻyicha tashkil etilgan mashgʻulotida yoshlar oʻz mahoratlarini oshirish imkoniga ega boʻldilar.