Ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi
Samarqand viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvar komil insonlar boʻlib ulgʻayishlarini koʻzlab, yoshlar ishtirokidagi qator tadbirlarni oʻtkazib kelmoqda. Samarqand shahar Qoʻriqlash boʻlimida viloyat Bolalar kutubxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi ochiq eshiklar kuniga shahardagi 51-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari tashrif buyurishdi.
Dastlab, mutaxassislar oʻquvchilarga Qoʻriqlash xizmati xodimlari faoliyati davomida foydalaniladigan texnikalar toʻgʻrisida maʼlumotlar berishdi. Maxsus elektron oʻq otish xonasida nishonga qarata oʻq uzish mashgʻulotida yoshlar faol ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, Amir Temur tavalludining 689-yilligi munosabati bilan mutaxassislar maktab oʻquvchilariga Sohibqironning kuchli markazlashgan davlat asoschisi ekanligi, qolaversa uning ilm-fan va madaniyat homiysi boʻlganligi xususida qator maʼlumotlarni berishdi. Shundan soʻng, oʻquvchilar oʻzlarining Amir Temurning hayoti va ijodiga bagʻishlab tayyorlab kelgan sahna koʻrinishlarini namoyish etishdi.
Tadbir yakunida, yoshlarni bilimli intellektual salohiyatli, kamol insonlar boʻlib ulgʻayishlari yoʻlida fidokorona xizmat qilib kelayotgan ustoz va murabbiylar hamda tadbirda faol ishtiroki uchun bir guruh oʻquvchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.