Yangiliklar

22 Fevral 2024

MILLIY GVARDIYAGA BIRIKTIRILGAN YOSHLAR UCHUN TADBIR TASHKILLASHTIRILDI

Milliy gvardiya Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamkorligida Milliy gvardiyaga biriktirilgan mahalla yoshlari va maktab oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.
Yoshlarning vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirishga qaratilgan tadbir harbiy orkestr ijrosidagi kuy joʻrligida ijro etilgan davlat madhiyasi bilan ochildi.
Shundan soʻng Milliy gvardiya xodimlarining jangovar chiqishlari, yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik sifatlarini shakllantirish maqsadida mavjud boʻlgan harbiy anjom-aslahalar, harbiy texnikalar koʻrgazmasi, chavandozlar maktabi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan ot minish, ot ustida kamondan otish mahorat darslari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat tuygʻusini shakllantirishga xizmat qiladi.