Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalari oʻrtasida sportning sambo turi boʻyicha musobaqa gʻoliblari aniqlandi
Milliy gvardiya birinchiligi uchun sportning sambo turi boʻyicha musobaqalar Milliy gvardiya Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi bazasida boʻlib oʻtdi.
Uch kun davom etgan bellashuvlar keskin munozaralarga boy boʻlib, unda tizimga qarashli hududiy boshqarma va harbiy qismlardan 19 ta jamoalar tarkibida 150 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va xodimlar 7 ta vazn toifasida kuch sinashdi.
Har bir vazn toifasida gilamga tushgan harbiy sportchilar oʻzlarining sambo sport turi boʻyicha egallagan mahoratlarini ishga solib, gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida 3 oʻrinni "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi jamoasi egalladi, 2 oʻrinni boʻlsa, Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qism terma jamoasi qoʻlga kiritdi. Faxrli 1 oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasiga nasib etdi.
Gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar diplom, medal va kuboklar bilan taqdirlandilar. Albatta, bunday musobaqalar kelgusida ushbu sport turini yoshlar oʻrtasida ommalashishi, yosh iqtidorli sportchilar kashf etilishi va ularning xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.