Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi gʻoliblari aniqlandi
Milliy gvardiya Toshkent "Temurbeklar maktabi"da umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan "Yosh gvardiyachilar" harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi oʻz yakuniga yetdi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan mazkur bahslarda respublikadagi umumtaʼlim maktablarining 9-11 sinf oʻquvchilari orasidan jismonan sogʻlom, intellektual va intizom borasida eng faol oʻquvchilar orasidan shakllantirilgan jamoalar ishtirok etdi.
Musobaqa qoidalariga koʻra oʻquvchi yoshlar bilimdonlar bellashuvi, saf tayyorgarligi, koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishi, zaharlangan hududdan oʻtish, oʻq dorilarni belgilangan joyga yetkazish va oʻqdonga joylash, kamondan otish, suvli toʻsiqdan oʻtish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish kabi shartlar boʻyicha oʻzaro bellashdi.
Ikki kun davomida qizgʻin va murosasiz bahslarga boy boʻlgan bahslarning gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik M.Gʻaniyev, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari F.Boqiyev, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi H.Sattorov va boshqa bir qator mutasaddi rahbarlar, shuningdek, “ Yosh gvardiyachi” musobaqasi respublika bosqichining 150 nafar ishtirokchilari qatnashdi.
Dastlab harbiy-akademik litsey saf maydonida harbiy-sport musobaqasining 7 ta nominatsiyasini qoʻlga kiritgan hamda 4 ta faol ishtirok etgan jamoa sardorlari taqdirlandi.
Shuningdek, bellashuvlar natijalariga koʻra 3 oʻrinni qoʻlga kiritgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumani 18 maktab jamoasi, 2 oʻringa sazovor boʻlgan Namangan viloyati Chust tumani 10 maktab oʻquvchilari, faxrli 1 oʻringa loyiq topilgan Navoiy viloyati Navoiy shahri 1 maktabning oʻquvchi-yoshlariga diplom, medal, kubog hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali topshirildi.
Tadbir soʻngida Harbiy orkestr jamoasi hamda Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litsey oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.