MAKTAB OʻQUVCHILARI UCHUN NAVBATDAGI OCHIQ ESHIKLAR KUNI
Bugungi kunning eng muhim talablaridan biri boʻlgan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruxida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni kuz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, "Xalq va armiya – bir tanu, bir jondir!" degan ezgu gʻoya asosida kamol topishlarini taʼminlash ustuvor vazifalardan boʻlib, bu borada ota-onalar bilan birgalikda mahalla, jamoat tashkilotlari va barcha vazirlik va idoralar masʼuldir.
Bu boradagi amaliy ishlar doirasida kuni kecha Milliy gvardiya Toshkent mintaqaviy oʻquv markazida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 10-sonli maktab oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.
Tashrif davomida yoshlar oʻquv markazining faoliyati, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmatda foydalanib kelinayotgan maxsus vosita va qurollar, ularni ishlatish tartib-qoidalari, soha xodimlarining xalqimiz tinchligi, fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlashda amalga oshirib kelayotgan masʼuliyatli vazifalari, shuningdek markazda tashkil etilgan sport toʻgaraklari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbir, markaz tinglovchilarining navbatdagi oʻquv yigʻini tantanali bitiruvi marosimiga ulanib, unda 50 nafar tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, mazkur tadbirda ishtirok etgan oʻquvchilarga Milliy gvardiya Faxriy qorovul vzvodi hamda Namunali-koʻrgazmali orkestr jamoasining musiqiy chiqishi namoyish etilib, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻularining yanada yuksalishi, ajdodlarga munosib avlod boʻlish, ularning ibratli hayot yoʻlidan namuna olish, egallayotgan bilim va salohiyatlarini yurtimizning tinchligi, gullab yashnashi va yanada taraqqiy etishi yoʻlida sarf etishlari yetkazildi.