Navbatdagi psixologik uchrashuv ruhiy-emotsional holatlarning profilaktikasiga bagʻishlandi
Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari oʻrtasida jamoada sogʻlom muhitni shakllantirish va ruhiy-emotsional holatlarning profilaktikasiga bagʻishlangan navbatdagi tadbir oʻtkazildi. Harbiylashtirilgan nazoratchilar va qorovullik boʻlinmalari xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan mashgʻulotda psixolog mutaxassislar tomonidan ruhiy salomatlikning ahamiyati, ijtimoiy-psixologik muhitni barqaror saqlash, xizmatdagi ziddiyatlarning oldini olish va ularni samarali hal etish yoʻllari yuzasidan psixologik maslahatlar va tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun maxsus psixologik trening ham tashkil etildi. Trening davomida guruhli mashgʻulotlar, rolli oʻyinlar, jamoaviy muloqotni yaxshilovchi topshiriqlar bajarildi. Bu orqali xodimlarning bir-biriga nisbatan ishonchi, oʻzaro hurmati va hamjihatlik ruhini yanada kuchaytirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga Namangan viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Psixologik taʼminlash boʻlimi tomonidan shaxsiy tarkib oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy muhitni mustahkamlash, ruhiy barqarorlikni taʼminlash va kasbiy samaradorlikni oshirish maqsadida navbatdagi psixologik trening oʻtkazildi. Trening jarayonida xodimlarning kasbiy faoliyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan stress holatlariga qarshi turish, ish faoliyatidagi ruhiy bosimni bartaraf etish va jamoada samarali munosabatlarni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar bilan amaliy mashqlar, savol-javoblar va muammoli vaziyatlarni tahlil qilish asosida ish olib borildi. Shu bilan birga, treningda ishchi muhitda emotsional holatni boshqarish, ruhiy charchoqning oldini olish hamda sogʻlom muomala koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan interaktiv usullar qoʻllanildi.