Qoʻriqlash sohasida mahalliy texnologiyalar rivojiga yangi turtki
Qoʻriqlash sohasida zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va import oʻrnini bosadigan ilgʻor texnik vositalarni yaratish masalalari boʻyicha muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda mahalliy sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirish va ularga amaliy koʻmak berish yoʻnalishlari asosiy mavzulardan biriga aylandi.
Uchrashuvda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev hamda “SMART TECHNOLOGY SYSTEMS” MCHJ, “FIRETECH” MCHJ va “RADIOCOM” MCHJ kabi mahalliy korxonalar rahbarlari oʻzaro ochiq muloqot olib bordilar. Suhbat jarayonida ishlab chiqarish imkoniyatlari, mavjud muammolar, istiqbolli loyihalar va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, korxona rahbarlarining tashabbus va rejalari tinglanib, qoʻriqlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflar oʻrtaga tashlandi.
Mazkur uchrashuv mahalliy ishlab chiqaruvchilar va davlat idoralari hamkorligini mustahkamlash, qoʻriqlash sohasiga ilgʻor texnologik yechimlarni keng joriy etish hamda ichki bozorda milliy mahsulot ulushini oshirishga xizmat qiladi.