Navoiy viloyatida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha oʻquv seminari oʻtkazildi
Yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning tinch, osuda hayotini kafolatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, Prezident Administratsiyasi tashabbusi bilan Navoiy viloyatida maxsus oʻquv seminari tashkil etildi.
Mazkur oʻquv seminarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Qonunchilik palatasi vakillari, prokuratura, Ichki ishlar, Milliy gvardiya hamda Qoʻriqlash boshqarmalari rahbarlari, Mahalla uyushmasi masʼullari hamda viloyatda mavjud shahar-tuman hokimlari, "mahalla yettiliklari" ishtirok etishdi.
Dastlab, masʼullar tomonidan kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarni erta aniqlash va ularni bartaraf etishda xavfsiz yoʻlak va xavfsiz koʻchalarni barpo etish lozimligi taʼkidlandi.
Yuzni tanib oluvchi va davlat raqamini aniqlovchi kuzatuv kameralari, tashvish tugmalari, aqlli domofonlar kabi bir qancha maxsus qurilmalarning ishlash tartibi, vazifasi va oʻziga xos xususiyati, ularni oʻrnatishda ahamiyat qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar xususida maʼlumotlar berildi.
Seminar ishtirokchilari Karmana tumanining Mirsaid Bahrom va Alisher Navoiy mahallalarida tashkil etilgan xavfsiz koʻcha va xavfsiz yoʻlaklar bilan tanishib, ularda oʻrnatilgan zamonaviy xavfsizlik qurilmalarining natijadorligining guvohi boʻlishdi.
Bundan tashqari, Qoʻriqlash xizmatining afzalliklari, obyekt va xonadonlarga oʻrnatiladigan signalizatsiya vositalari, "tashvish tugma"lari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Ushbu vositalarning ishlash tizimi amaliy koʻrsatilib, foydalanish tartiblari tushuntirildi. Sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda qoʻllanilayotgan bu kabi zamonaviy texnik vositalar, albatta hudud xavfsizligi va fuqarolar xotirjamligini taʼminlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur seminar joylarda davom ettirilmoqda.