Surxondaryoda 2 ta maktabda Milliy gvardiya sinflari tashkil etildi
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bilim saviyasi, harbiy sohaga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida hududlarda Milliy gvardiya tashabbusi bilan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, umumtaʼlim maktablarida Milliy gvardiya harbiy-vatanparvarlik sinflari tashkil etilishi, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyamizga hurmat, fidoyilik kabi gʻoyalarni shakllantirishga, ularni tanlagan kasbiga sadoqatli etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida shu kunga qadar 4 ta Milliy gvardiya harbiy-vatanparvarlik sinflari tashkil etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni yana 3 taga koʻpaydi. Jarqoʻrgʻon tumanidagi 66-sonli umumtaʼlim maktabida 2 ta, 36-sonli umumtaʼlim maktabida esa 1 ta Milliy gvardiya harbiy-vatanparvarlik sinfi tashkil etildi. Bunda taʼlim maskanining 7 sinf oʻquvchilaridan saralab olindi, sinfxonalari belgilangan tartibda jihozlanib, oʻquvchilarning taʼlim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Mazkur vatanparvarlik sinflarining tantanali ochilish marosimlarida, Milliy gvardiya rahbariyati, tuman hokimiyati, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼullari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan koʻrgazmali chiqishlar, maxsus texnika va jihozlar namoyish etildi. Chavandozlik hamda kamondan otish sport turi boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
Tadbirdan soʻng oʻquvchilar uchun jasorat darslari tashkil etildi. Unda yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan qadriyatlarimiz, shonli tariximiz, vatanparvar ajdodlarimiz haqida soʻz yuritilib, tinchlik atalmish oliy neʼmatni qadriga yetish muhimligi taʼkidlandi.
Aytish kerakki, endilikda bu kabi mashgʻulotlar belgilangan tartibda olib borilib, tashkil etilgan turli fan va sport toʻgaraklarida yoshlarimiz oʻz bilim va koʻnikmalarini, jismoniy imkoniyatlarini oshirib borishadi. Bu esa oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni respublikamizning nufuzli harbiy oliy taʼlim muassasalariga tayyorlashga xizmat qiladi.