“XALQ VA ARMIYA – BIR TANU BIR JON!”
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlari mazmunli tashkil etish, shuningdek harbiy kasbga qiziqtirish maqsadida respublikamiz boʻylab turli sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Bu kabi tadbirlarning navbatdagisi Milliy gvardiya Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan "Xalq va armiya – bir tanu bir jon!" shiori ostida tashkil etildi.
Qiziqarli va taassurotlarga boy oʻtgan tadbirda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida joylashgan 6-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirok etishdi. Dastlab yoshlarga vatanparvarlik sifatlarini oshirish maqsadida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmat oʻtashda foydalanilib kelinayotgan harbiy anjom-aslahalar koʻrgazmasi hamda Tigr laqabli xizmat itining qiziqarli chiqishlari namoyish etildi.
Shundan soʻng, oʻgʻil-qizlarning jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida sportning shaxmat va shashka, arqon tortish, tosh koʻtarish hamda armrestling turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.