MILLIY GVARDIYA FARGʻONA VILOYATI "QOʻRIQLASH" BOSHQARMASI BOSHLIGʻI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida kitobxonlik, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, oʻgʻil-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshligʻi polkovnik Z.Toʻychiyev boshchiligida, Fargʻona viloyati hududidagi otaliqqa olingan mahalla yoshlari ishtirokida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
"Rahbar va yoshlar uchrashuvi"da Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Margʻilon shahar kengashi, "Qoʻriqlash" boshqarmasi masʼullari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdi. Polkovnik Z.Toʻychiyev mahalla yoshlari bilan ochiq muloqot oʻtkazib, Prezident tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻzladi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bandligini taʼminlash, kitobxonlik va sport toʻgaraklariga yoʻnaltirish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbirlar davomida monomarkazga sayohat tashkillanib, yoshlarni qiziqtirgan kasblar boʻyicha tushunchalar berildi. Oʻzbek jang sanʼati boʻyicha jahon chempioni Olimjonov Abdurahim bilan boʻlib oʻtgan suhbat yoshlarda bir olam taassurot qoldirdi.
Madaniy tadbirlar Fargʻona davlat muzeyida davom etib, yoshlar oʻzini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Yakunda ishtirokchilarga boshqarma boshligʻi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.