MUZEYLAR – MADANIY-MAʼNAVIY MEROS OʻCHOGʻIDIR
Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlarini oʻz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuygʻularini shakllantirish maqsadida, Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Tashrif davomida xodimlar muzeyning "Amaliy sanʼat" boʻlimida qadimiy xalqlarning uy-roʻzgʻor buyumlari bilan tanishgan boʻlsalar, "Etnografiya" boʻlimidan esa kiyim-kechaklar oʻrin olgan. Muzey ilmiy xodimlari viloyat tarixi, bu maskanlarda yashagan mahalliy xalqlarning turmush tarzi haqida soʻzlab berishdi.
Shundan soʻng, xodimlar muzeydagi osori-atiqalar bilan tanishtirildi. Bir olam taassurotlar bilan muzeyning 6 ta boʻlimida saqlanayotgan madaniy yodgorliklar bilan tanishgan xodimlar tarixning jonli koʻzgusiga guvoh boʻlishdi.
Muzeyga uyushtirilgan bu kabi sayohatlar xodimlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy anʼana va qadriyatlarini oʻrganish, ularni targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.