Yangiliklar

16 Sentyabr 2023

MUZЕYLAR – MADANIY VA MA’NAVIY MЕROS O‘CHOG‘IDIR

Farg‘ona viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi xodimlarini o‘z tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida Farg‘ona shahrida joylashgan O‘lkashunoslik muzeyiga ekskursiya uyushtirildi.

Tashrif davomida xodimlar muzeyning "Amaliy san’at" bo‘limida qadimiy xalqlarning uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan tanishgan bo‘lsalar, "Etnografiya" bo‘limidan esa kiyim-kechaklar o‘rin olgan.

Muzey ilmiy xodimlari viloyat tarixi, bu maskanlarda yashagan mahalliy xalqlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berishdi.

Shundan so‘ng xodimlar muzeydagi asori-atiqalar bilan tanishtirildi. Bir olam taassurotlar bilan muzeyning 6 ta bo‘limida saqlanayotgan madaniy yodgorliklar bilan tanishgan xodimlar tarixning jonli ko‘zgusiga guvoh bo‘lishdi.

Muzeyga uyushtirilgan bu kabi sayohatlar xodimlarning ma’naviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy an’ana va qadriyatlarini o‘rganish, ularni targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.