"Yosh avlod – kelajak bunyodkori"
Kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari tomonidan “Oq kema” bolalar dam olish oromgohida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida madaniy va sport tadbirlari tashkil etildi.
Tezkorlik va zukkolikni talab etadigan oʻyinlar tashkil etib borish yosh avlod ongi, uning jismonan baquvvat va aqlan yetukligini taʼminlaydi. Shu maqsadda xodimlar va yoshlar oʻrtasida sportning shaxmat, tennis va boshqa bir qator turlari boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, kitobxonlikni targʻib etishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bolalar uchun qiziqarli adabiy uchrashuvlar tashkil etilib, taniqli ijodkorlarning asarlari bilan tanishtirildi va oʻqilgan kitoblar muhokama qilindi. Kitob kechalari taassurotlar almashish va tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi.
Shundan soʻng bolalar ijodiy tanlovlarda qatnashib, oʻz bilimlarini namoyish etishdi, sevimli asarlariga rasm chizishdi va hatto oʻz hikoyalarini toʻqib koʻrishdi. Adabiy mashgʻulotlar bolalarning dunyoqarashini kengaytirishga, xotira va tasavvurini yaxshilashga, oʻz fikrini yorqinroq va ishonchliroq ifodalashga oʻrgatdi.
Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi tadbirlar farzandlarimizning kelajakda vatanga, xalqqa sadoqati, mehr-u muhabbatini yanada oshirishga, shuningdek boʻlajak Alpomish-u, Toʻmarislar boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.