YOSHLARNING BOʻSH VAQTI MAZMUNLI TASHKIL ETILMOQDA
Bugungi kunda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni ona-Vatanga sadoqatli, barkamol avlod qilib tarbiyalash uchun bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Navbatdagi tadbir xam ana shu maqsadlarni koʻzlagan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Milliy gvardiya Xorazm viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda yoshlar bir qator sport musobaqalari va koʻrik tanlovlarda ishtirok etishdi. Oʻgʻil-qizlar ishtirokida “Yosh kitobxon” va osh pishirish boʻyicha koʻrik tanlov, “Men orzu qilgan kasb” mavzusida rassomchilik musobaqasi va boshqa turli xil musobaqalarda oʻz mahoratlarini yana bir bor kashf etishdi. Ishtirokchilar oʻquv nuqtalarga boʻlingan xolda epchillik, chidamlilik va aqliy qobiliyatlarini mustahkamlovchi bellashuvlarning guvohi boʻlishdi.
Shu bilan birga ishtirokchilar "Qoʻriqlash" boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning xizmat olib borish jarayonlari va qurol-aslahalar hamda maxsus vositalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, kamondan otish va ot sporti boʻyicha mahorat darslari yigʻilganlarda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida musobaqalar hamda koʻrik tanlovlar davomida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, yozning issiq kunlarida maroqli xordiq chiqarayotgan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida Namangan hamda Toshkent viloyatlar "Qoʻriqlash" boshqarmalari xodimlari tomonidan oʻgʻil-qizlar ishtirokida boks, voleybol, dzyudo va futbol sport turlari boʻyicha musobaqalar hamda mashgʻulotlar tashkil etildi. Oʻtkazilgan bellashuv va mashgʻulotlar davomida oʻquvchi yoshlarning olayotgan saboqlari yana bir bor sinovdan oʻtkazildi.