YOSHLARNING YOZGI TAʼTIL KUNLARI MAROQLI OʻTMOQDA
Ayni kunlarda butun respublikamiz boʻylab oʻquvchi yoshlarning yozgi taʼtil vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlarini oshirish, bolajonlarga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida masʼul tashkilotlar tomonidan vatanparvarlik, sport hamda koʻngilochar tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, bu kabi tadbirlar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida ham "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilib, bolajonlar uchun chiroyli koʻrgazmali chiqishlar taqdim etildi. Zamonaviy harbiy texnikalar koʻrgazmasi, kamondan otish, shaxmat, stol tennisi turlari boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi. Tadbirlar davomida bolajonlar oʻzlarni qiziqtirgan sport turlaridan kerakli koʻnikma va malakalarni oʻzlashtirish imkoniga ega boʻldilar. Harbiy orkestr jamoalari hamda harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari esa tadbirlarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi.