Yangiliklar

13 May 2024

VATANPARVARLIK TADBIRIDA YOSHLAR MILLIY SPORT OʻYINLARIDA OʻZLARINI SINAB KOʻRDILAR

Bugungi kunda yurtimizda ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan milliy oʻyinlar, urf-odat va qadriyatlarni yoshlar oʻrtasida ommalashtirish, mazkur yoʻnalishda ularni faol jalb etish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, hududlarda oʻtkazilayotgan vatanparvarlik tadbirlarida bu boradagi ishlar yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Yoshlar ishlar agentligi hamkorligida Angor tumanidagi sport maktabida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham otaliqqa olingan yoshlar va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari faol ishtirok etishdi.
Unda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan koʻrgazmali chiqishlar, Kinologiya xizmatining vazifalari, maxsus jihozlar namoyish etildi. Sportning kamondan otish hamda ot ustida kurash, ot poygasi kabi turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirildi. Qorabayir otlari mahorat maktabi hamda Chavandozlar maktablarining mohir chavandozlari ishtirokida otga minish, uni egarlash boʻyicha mashgʻulotlar ham olib borildi. Amaliy tarzda ishtirokchilar oʻzlarini sinab koʻrdilar.