Milliy gvardiya yoshlar bilan hamnafas
Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida qator harbiy-vatanparvarlik, koʻngilochar va sport tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda. Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasida ham, tizimda xizmat olib borayotgan harbiylar va "Qoʻriqlash" xizmati xodimlarining oila aʼzolari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Dastlab, yigʻilganlarga viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi oʻquvchilari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi. Shundan soʻng, boshqarmaning hovlisida, maydon uzra saf tortgan askarlar, harbiy texnikalar va qurol-aslahalarning koʻrgazmasi ishtirokchilarni oʻziga chorladi. Harbiy orkestrning musiqa sadolari ostida boshlangan tadbir qatnashchilarni ancha ruhlantirdi. Xodimlarning jangovar chiqishlari esa barchada birdek qiziqish uygʻotdi.
Bundan tashqari, Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi 46-sonli maxsus maktab-internatda ham "Milliy gvardiya yoshlar bilan hamnafas" shiori ostida vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir davomida gapirish va eshitish kabi neʼmatlardan mahrum boʻlgan oʻquvchilar uchun harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi hamda ular haqida batafsil maʼlumot berildi. Bu saʼy-harakat yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish va ularga quvonch ulashish maqsadida amalga oshirildi.
Shundan soʻng, Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari oʻquvchilarga kamondan otishning asosiy qoidalari va texnikalari haqida tushuncha berib, amalda bajarish koʻnikmalarini oʻrgatdilar. Dars jarayonida oʻquvchilar oʻzlarining merganlik mahoratlarini namoyish etish bilan birga, sportning ushbu turidan katta zavq olishdi.
Tadbir yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish bilan birga, ularda sportga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qildi. Shuningdek, iqtidorli oʻquvchilarni aniqlab, ularni kelajakda professional sportga yoʻnaltirish uchun muhim qadam sifatida baholandi.