Yangiliklar

28 Dekabr 2023

MILLIY GVARDIYA YOSHLAR BILAN

Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan Fargʻona shahridagi Milliy gvardiyaga biriktirilgan 6-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining ixtisoslashtirilgan sinf oʻquvchilari uchun "Milliy gvardiya yoshlar bilan" shiori ostida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
"Qoʻriqlash" boshqarmasida boʻlib oʻtgan tadbir avvalida yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.
Kun tartibiga muvofiq yoshlar, mutaxassislar tomonidan "Qoʻriqlash" xizmatida yaratilayotgan sharoitlar, xodimlarning xizmat olib borish tartibi hamda sohada olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi. Biror hududda oʻgʻrilik, talonchilik yoki jinoyat hodisasi sodir boʻlib, qoʻriqlashning tashvish tugmachasi bosilganda voqea joyiga yetib borish va qanday xizmat koʻrsatish tartiblari boʻyicha tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, oʻquvchilar "Qoʻriqlash" boshqarmasi psixologik xizmat koʻrsatish sifatini, tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullari boʻyicha mashgʻulotlarni, maxsus texnikalar hamda Kinologiya xizmati tomonidan koʻrgazmali chiqishlarni maroq bilan tomosha qildilar. Boshqarmada yaratilgan sharoitlar, xizmat hamda oʻquv xonalari bilan yaqindan tanishib chiqdilar. Shundan soʻng, kamondan otish boʻyicha tashkil etilgan mashgʻulotida oʻquvchilar oʻz mahoratlarini oshirish imkoniga ega boʻldilar.