Qoʻriqlashning texnik vositalarini mahalliylashtirish – samarali qoʻriqlash va iqtisodiy manfaatlar kafolati
Qoʻriqlash sohasidagi mahalliy sanoat salohiyatini rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi zamonaviy qoʻriqlashning texnik vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliylashtirish maqsadida Qoʻriqlash Departamenti rahbariyati va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Qoʻriqlash Departamenti rahbariyati, sohada faoliyat yuritayotgan Hikvision, TEKO, PRITOK mahalliy texnika va elektron uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, mutaxassislar hamda sohaga daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Qoʻriqlash tizimida foydalanilayotgan texnik vositalar – signalizatsiya, videonazorat, intellektual nazorat uskunalarini toʻliq mahalliy ishlab chiqarish, xorijiy mahsulotlarga bogʻliqlikni kamaytirish, xizmat samaradorligini oshirish borasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etildiki, mahalliylashtirish orqali nafaqat iqtisodiy tejamkorlikka erishiladi, balki milliy xavfsizlikni taʼminlash, ichki ehtiyojlarni tezkor qondirish, xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkoni yaratiladi. Qoʻriqlash Departamenti rahbariyati mahalliy ishlab chiqaruvchilarga aniq talab va standartlar asosida ish yuritish, innovatsion yechimlar taklif etish hamda mahsulotlarning sifatini xalqaro mezonlarga moslashtirish yuzasidan tavsiya va topshiriqlarni berdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba va loyihalar almashinuvini kuchaytirish, texnik sinov va sertifikatsiya jarayonlarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashabbus mahalliy sanoat salohiyatini rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda Qoʻriqlash xizmati samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.