“Kitobxonlik – buyuk kelajak kafolati” mavzusida adabiy kecha boʻlib oʻtdi
Namangan viloyati Qoʻriqlash xizmati tashabbusi bilan xodimlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish maqsadida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mingbuloq tumani boʻlinmasida “Kitobxonlik – buyuk kelajak kafolati” mavzusida adabiy kecha tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Qoʻriqlash xizmati xodimlari, markaz vakillari hamda faol kitobxonlar ishtirok etdilar. Adabiy kechada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaning inson tafakkuri va maʼnaviy kamolotiga qoʻshayotgan ulkan hissasi haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezidentimiz tashabbuslari, shuningdek, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalari haqida soʻz yuritildi. Ishtirokchilar oʻzlari mutolaa qilgan asarlardan parchalar oʻqib eshittirib, kitobdan olgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar.