Yangiliklar

26 Fevral 2025

Qonunchilikdagi yangiliklar va oʻzgarishlar shaxsiy tarkibga yetkazildi

Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamda viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari oʻrtasida navbatdagi profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Unda Milliy gvardiya hamda Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi masʼullari, shuningdek Termiz harbiy prokurori ishtirok etib, shaxsiy tarkibga "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining 29.11.2024 yildagi O‘RQ-1008-sonli Qonunida belgilangan talablarni tushuntirdilar.
Shu bilan birga yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevral kunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-23-son Farmoni mazmun-mohiyati yetkazildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda xodimlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, ushbu kamchiliklarni keltirib chiqaruvchi omillar hamda korrupsion holatlarga aralashib qolmaslik kabi masalalarga birma-bir toʻxtalib, faoliyati davomida xatoliklarga yoʻl qoʻygan xodimlar tanqidiy muhokama qilindi.
Xodimlarning huquqiy bilimlarini muntazam oshirib borish, qonunchilikdagi oʻzgarishlardan ularni xabardor etish masalasiga ham eʼtibor qaratilib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash – eng oliy burch ekanligi xodimlarga yana bir bor eslatib oʻtildi.