MADANIY XORDIQ – SAMARALI XIZMAT GAROVI
Har qachon teatr insonni tarbiyalab, oʻzidan nur taratuvchi maskan boʻlib kelgan. Bir vaqtlar maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy “Teatr bu ibratxonadir” – degan boʻlsa, bugun yurtboshimiz “Teatr bu maʼnaviyat oʻchogʻi, ijod ahli inson qalbining muhandislaridir” – deb yuksak tarifni berdilar. Umuman olganda, har doim ham teatr bu hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir.
Kuni kecha Milliy gvardiya Fargʻona mintaqaviy oʻquv markazi xodimlari hamda ularning oila aʼzolari, shuningdek tinglovchilar va muddatli harbiy xizmatchilarining dam olish kunlarini maroqli va mazmunli oʻtkazish maqsadida Margʻilon shahar musiqali maqom teatriga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida teatr jamoasining tayyorlab kelgan “Uvaysiy” nomli spektakl va kuy-qoʻshiqlari tomoshabinlar tomonidan olqishlab borildi. Shoʻx-shodon qoʻshiqlarga bolajonlar raqsga tushishdi. Sahnalashtirilgan chiqishlarda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi doimiy kurash aks etgan boʻlib, xodimlarning maʼnaviy xordiq chiqarishlari uchun zamin hozirladi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan harbiy xizmatchi va xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun ham viloyat musiqali drama teatriga tashrif tashkillashtirildi.
Aktyorlar tomonidan namoyish etilgan ijro va bir birini takrorlamas hayotiy tasvirlar oʻzining tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi bilan koʻplab mushohadalarga sabab boʻldi. Tarbiyaning taʼsirchan vositasi boʻlmish mazkur spektakldagi oilaviy munosabatlar, ulardagi insoniy fazilatlar va kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy holatlar tomoshabinlar uchun hayotiy saboq vazifasini oʻtadi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilar va xodimlardagi oilaviy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi desak adashmagan boʻlamiz.