KUCH TUZILMALARDAGI HARBIY XIZMATCHI VA XODIMLAR O‘RTASIDA TASHKIL ETILGAN "ENG YAXSHI KITOBXON" TANLOVIDA BADIIY ADABIYOT BILIMDONLARI SARALANDI
Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish, yoshlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida ko‘maklashish, ularni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otish maqsadida Jizzax viloyat "Qo‘riqlash" boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda kuni kecha Jizzax shahridagi Sh.Rashidov muzeyida kuch tuzulmalaridagi yosh harbiy xizmatchilar va huquq tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida "Eng yaxshi harbiy kitobxon" tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda kuch tuzilmalardagi yosh harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etib, o‘zlarining badiiy adabiyotga bo‘lgan mehri, turli asarlar mutolaasi orqali esa tafakkurining yuksakligini namoyish etdilar.
Shartlar bir qarashda murakkab emasdek, biroq ko‘plab asarlarni o‘qish va ulardagi qahramonlarni, voqealar rivojini eslab qolish uchun o‘nlab adabiyotlarni varaqlashga to‘g‘ri keladi. Hakamlar hay’ati oldida esa biletlarga aniq, xatosiz va qiyosiy tahlillar asosida javoblar berilishiga ahamiyat qaratildi.
3 shart bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda, asosiy o‘rinlardan tashqari "Eng topqir kitobxon", "Jahon adabiyoti bilag‘oni", "Mumtoz asarlar bilimdoni"kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham sovrindorlar nomi aniqlandi.
Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va kitoblar jamlanmasi topshirildi.