“Ona diyor – ranglar jilosi” koʻrik-tanlovi yosh isteʼdodlarni birlashtirdi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Namangan viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlarida xizmat qilayotgan xodimlarning 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan farzandlari oʻrtasida “Ona diyor – ranglar jilosida” nomli rassomchilik koʻrik-tanlovi tashkil etildi.
Ushbu ijodiy tanlov bolalarning Vatanga boʻlgan muhabbatini ifoda etish, ularning badiiy dunyoqarashini, estetik taʼbini va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida oʻtkazildi. Tadbir davomida yosh ishtirokchilar ona yurt tabiati, tarixiy obidalari, milliy qadriyatlar va milliy ramzlar aks etgan asarlarini taqdim etishdi.
Tanlovda qatnashgan har bir farzand oʻzining qalbidagi Vatan sevgisini ranglar orqali ifoda etishga harakat qildi. Rasmlar orqali ularning ona yurtga nisbatan iftixori, kelajakka boʻlgan ishonchi va ezgu orzu-umidlari namoyon boʻldi.
Taʼkidlash joizki, mazkur tanlov yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda, ularni maʼnaviy va estetik jihatdan tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Gʻoliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari va Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Bu kabi tadbirlar farzandlarimizda ijodiy fikrlash va oʻz salohiyatini erkin ifoda etishga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi, ota-onalari xizmat qilayotgan tizimga nisbatan faxr tuygʻusini oshiradi.