"Kiberxavfsizlik va uning salbiy oqibatlari" mavzusida davra suhbati oʻtkazildi
Milliy gvardiya Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi shaxsiy tarkibi va tinglovchilari oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, ular tomonidan internet tarmogʻida keng tarqalgan qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar oʻynash holatlarini oldini olish va bu kabi zararli illatlardan ogoh etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, shuningdek Toshkent harbiy prokuraturasi masʼul xodimlari ishtirokida profilaktik davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbir davomida, maʼruzachilar tomonidan bugungi kunda internet tarmogʻida keng ommalashib borayotgan qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni oʻynashning salbiy oqibatlari, insoning tinch va osuda hayotini izdan chiqarishga olib keluvchi ayanchli yakuni, hozirgi kundagi global muammolardan biriga aylangan kiberjinoyatchilik va uning natijasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, onlayn qimor oʻyinlarining ishlash mexanizmi, bu kabi zararli illatlardan tiyilishning oʻzi savobli ish ekanligi, halol luqma bilan roʻzgʻor tebratish lozimligi Diniy, ilmiy va Qonuniy asoslar orqali yetkazildi.