Tarixiy sayohat — milliy merosga hurmat ifodasi
Samarqand viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi tomonidan xodimlarning tariximiz va madaniy merosimizga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularda Vatanga muhabbat va faxr tuygʻularini kuchaytirish maqsadida targʻibot tadbirlari doirasida navbatdagi amaliy sayohat uyushtirildi.
Ushbu sayohat Samarqand shahar Qoʻriqlash boʻlimida faoliyat yuritayotgan harbiylashtirilgan nazoratchilar uchun tashkil etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar jahon sivilizatsiyasining betakror durdonalaridan biri hisoblanmish — Registon majmuasiga tashrif buyurishdi.
Ishtirokchilar mazkur noyob meʼmoriy yodgorlikning tarixi, u yerda joylashgan madrasalar va ularning ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Sayohat davomida harbiylashtirilgan nazoratchilar milliy oʻzligimiz, tariximiz va buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada yaqindan his etishdi.
Bunday tadbirlar xodimlarni maʼnaviy jihatdan boyitish, ularning jamoaviy hamjihatligini mustahkamlash hamda xizmat faoliyatiga ilhom baxsh etishda muhim ahamiyat kasb etadi.