Yangiliklar

2 Mart 2024

MILLIY GVARDIYAGA QABUL QILINGAN INSPEKTOR-PSIXOLOGLAR XIZMAT VAZIFASINI BAJARISHGA KIRISHDI

Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5 fevral kuni oʻtkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazildi.
Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan koʻmaklashish, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.
Ushbu vazifalarni samarali ijro etilishini taʼminlash maqsadida Milliy gvardiyaning respublikamiz boʻyicha boshqarmalarida inspektor-psixologlar uchun seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Bugun Milliy gvardiya Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasida boʻlib oʻtgan mashgʻulotlarni muvaffaqiyatli tugatgan 66 nafar inspektor-psixologlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xizmatiga kirish qasamyodini qabul qildi. Shundan soʻng ularga Milliy gvardiya xizmat guvohnomalari topshirildi.
Tadbir davomida Milliy gvardiya Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Joʻrabek Bozorov soʻzga chiqib, inspektor-psixologlarni Milliy gvardiya saflariga qabul qilinganligi munosabati bilan tabriklab, qasamyodga sodiqlik – berilgan vaʼdaga vafo, or-nomusni himoya qilish kabi haqiqiy vatanparvarlarga xos boʻlgan xususiyatlardan biri ekanini, harbiy xizmatchilarni masʼuliyatli va sharafli kasbni tanlagani, sohaga oid bilimlarni puxta egallagan holda jamiyatimizga foydasi tegadigan fidoyi mutaxassislar boʻlish kerakligini alohida taʼkidladi.