Yangiliklar

5 Avgust 2023

INSON MANFAATLARI HAMMA NARSADAN USTUN

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat organlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. "Inson manfaatlari hamma narsadan ustun" tamoyili asosida olib borilayotgan samarali ishlar qatorida ommaviy sayyor qabullarning muntazam tashkil etib borilayotganligi ahamiyatlidir.

Yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan ommaviy sayyor qabullar kuni kecha Samarqand shahrida mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida davom ettirildi.

400 dan ortiq harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari ishtirok etgan ommaviy sayyor qabulda fuqarolarning ishga joylashish, tinchlik posbonlarining turmush o‘rtoqlari bandligini ta’minlash, ularga imtiyozli uy-joy ajratish, xizmat xonadonini xususiylashtirish, tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatish va shu kabi boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.

Shuningdek, Milliy gvardiya saflarida xizmat qilish istagini bildirgan yoshlar ham ushbu sayyor qabulda o‘z murojaatlari bilan faol ishtirok etishdi.

Harbiy xizmatchi va xodimlarning turmush o‘rtoqlari bandligini ta’minlash, xizmatni o‘tash joyini ko‘chirish, sobiq harbiylarni ishga qayta tiklash hamda kommunal xizmatlar, harbiylarning farzandlarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylash kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda desak adashmagan bo‘lamiz. Shu o‘rinda harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rliklar kelgusida vatanimiz ravnaqi uchun yanada kuch g‘ayratida xizmat qilishlariga zamin yaratishi shubhasizdir.