Yangiliklar

22 Iyul 2025

Yoshlar ongida vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish — ustuvor vazifa

Fargʻona mintaqaviy oʻquv markazi tashabbusi hamda Fargʻona shahridagi 23-sonli umumtaʼlim maktabi qoshida tashkil etilgan yozgi oromgohda taʼtilni oʻtkazayotgan yoshlar ishtirokida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida vatanparvarlik ruhidagi amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Tadbir doirasida oʻquvchi-yoshlar oʻquv markazi infratuzilmasi va bu yerda xizmat qilayotgan tinglovchi va harbiylarga yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, kutubxona fondi, sport-infratuzilma, jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari uchun moʻljallangan zal, jangovar otish tiridan oʻrin olgan qurol-aslahalar namoyishi tashkil etildi.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida shaxmat-shashka musobaqalari, jamoaviy oʻyinlar, psixologik trening mashgʻulotlari oʻtkazilib, ularda vatanni sevish, tinchlik va xavfsizlikning qadrini anglashga qaratilgan gʻoyalar singdirildi.

Ushbu tadbir yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, yel-yurtini himoya qilishga boʻlgan masʼuliyat va harbiy xizmatga qiziqish tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.