Yangiliklar

19 Sentyabr 2023

BЕSh TASHABBUS – YOSHLARGA QANOT

Ma’lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ana shu ezgu ishlar samarasi sifatida respublikamiz bo‘ylab “Besh muhim tashabbus” doirasida yigit-qizlar ishtirokida turli yo‘nalishlarda bellashuvlar hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbirlarning navbatdagisi Namangan viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi xodimlari tomonidan Namangan shahridagi 11-sonli musiqa va san’at maktabi o‘quvchi yoshlari bilan ularning turli yo‘nalishlarda iqtidorini yuzaga chiqarish, iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, hamda vatanparvarlik ruxida tarbiyalash maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Dastlab, xodimlar tomonidan o‘quvchilarga "Vatan himoyasi – muqaddas burch" mavzusida mardlik va jasorat darslari tashkil etilib, yosh avlodga Milliy gvardiya faoliyatiga oid tegishli tushunchalar berildi. Shundan so‘ng madaniyat, adabiyot, san’atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi.

Yoshlar Ona Vatan, do‘stlik va tinchlikni madh etuvchi she’rlarni ifodali tarzda o‘qib, rasm chizish hamda musiqa asboblarini chalish bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Besh muhim tashabbus doirasidagi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.