I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir
Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy oʻquv markazi shaxsiy tarkibi va tinglovchilarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda vatanparvarlik ongi va Vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Ana shunday muhim tadbirlardan biri kuni kecha Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida boʻlib oʻtdi. Sayohat davomida tashrif buyuruvchilar oʻlkamizning boy arxeologik topilmalar kolleksiyasi, qoraqalpoq xalq amaliy sanʼati buyumlarini oʻz ichiga olgan muzeyning noyob ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Muzey mutaxassislari esa har bir eksponat haqida batafsil maʼlumot berib, ularning tarixiy va madaniy qiymatini ochib berishdi. Tadbir ishtirokchilari nafaqat noyob sanʼat asarlarini tomosha qilish, balki xalqimizning boy madaniy tarixini chuqurroq anglash, qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha boʻlgan badiiy anʼanalar rivojini kuzatish imkoniyatiga ega boʻldilar.