Xodimlar uchun Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon uy-muzeyiga sayohat uyushtirildi
Bilamizki, muzeylar har bir xalqning madaniy merosi, milliy madaniyati, turmushi, urf-odatlarini oʻrgatish bilan milliy qadriyatlarimizni yetkazishda katta rol oʻynaydi. Ushbu maskanlar chin maʼnoda ilmiy xazina boʻlib, ularning qadri yildan-yilga oshib boraveradi.
"Maʼnaviyat oyligi" doirasida Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari uchun Mirzaobod tumanida joylashgan Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon uy-muzeyiga sayohat uyushtirildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu muzey Sirdaryo viloyatida yashab ijod qilgan, oʻzining xalqchil sherlari bilan insonlar qalbini zabt etgan shoirimiz Toʻra Sulaymonning koʻp yillik ijodiy hayot yoʻlini haqqoniy va toʻlaqonli aks ettirish, hamda xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini singdirish maqsadida 2024 yilda shoir yashab oʻtgan uyda tashkil etildi.
Muzeyga tashrif buyurgan xodimlar muzey mutaxassislari tomonidan shoirning hayot va ijod yoʻli haqidagi arxiv hujjatlari, fotosuratlar, ashyoviy buyumlar, kitoblar, videomateriallar bilan yaqindan tanishib koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Bundan tashqari, Andijon viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tashabbusi bilan boshqarma xodimlari uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi muzeyiga sayohat tashkil etildi. Ushbu sayohat davomida ishtirokchilar militsiya tizimining tarixiy rivojlanishi, uning ilk shakllanish bosqichlari va bugungi kundagi zamonaviy koʻrinishi bilan yaqindan tanishdilar. Muzeyda Andijon militsiyasining tashkil topishi, faoliyatida alohida oʻrin tutgan generallar va taniqli xodimlar hayoti, ularning Vatan va xalq manfaati yoʻlidagi jasoratlari haqida qiziqarli maʼlumotlar taqdim etildi.
Bunday maʼrifiy tadbirlar xodimlarning maʼnaviy olamini boyitish, ularda faxr tuygʻusini uygʻotish va kelgusi faoliyatlarida yuksak ruh va masʼuliyat bilan ish olib borishlariga xizmat qiladi.