Yangiliklar

5 Avgust 2023

YOSHLARGA CHAVANDOZLIK VA MЕRGANLIK YO‘NALISHLARIDA MASHG‘ULOTLAR YO‘LGA QO‘YILDI

Kuni kecha Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda hududdagi uyushmagan yoshlar, shuningdek, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari ishtirok etdilar.

Viloyat “Qo‘riqlash” boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, Chavandozlar hamda Qorabayir otlari mahorat maktabi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ertamiz egalari milliy qadriyatlarimiz asnosida shakllangan sport o‘yinlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Maktabda faoliyat yuritayotgan ot sportining konkur hamda polo turlari bo‘yicha seksiyalarda mashg‘ulot olib borayotgan yosh chavandozlar ot ustida harakatlarini ko‘rsatib berib, tulporlarni boshqarishdagi o‘z mahoratlarini namoyish qildilar. Bu esa tashrif buyurganlarga katta qiziqish uyg‘otdi.

Sayohat doirasida yigitlar ishtirokida sportning kamondan otish turi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar olib borildi. Nishonga qarata o‘q otish tartiblari, kamondan foydalanishda xavfsizlik qoidalari tushuntirilgach, yoshlar o‘z merganlik qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Nazariy va amaliy tarzda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar, yoshlarning milliy o‘yinlarimizga oid bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga, mahoratlarini yanada oshirishga, o‘z qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi.