Yoshlar uchun navbatdagi ochiq eshiklar kuni hamda "Uch avlod uchrashuvlari" tashkil etildi
Yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli va Vatan taqdiri, yurt tinchligi va himoyasi yoʻlida bor salohiyati bilan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir etib tarbiyalash borasida turli tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Qoʻriqlash Departamenti Faxriylar kengashi aʼzolari, shuningdek Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi shaxsiy tarkibi va tinglovchilari hamda Ichki ishlar vazirligi 1-sonli Toshkent akademik litseyi oʻquvchilari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirga tashrif buyurgan Qoʻriqlash Departamenti Faxriylar kengashi aʼzolari tomonidan bugungi kunda tizimni yanada takomillashtirish yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, soha xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtilib, xodimlarda yurtga muhabbat, kasbga sadoqat tuygʻusini mustahkamlash, ularning kasbiy jangovarligi, bilim saviyasini oshirish, korrupsiya holatlariga murosasiz boʻlish, xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish hamda shukronalik tuygʻusi bilan hayot kechirish lozimligi yetkazildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tomonidan Buxoro davlat universiteti talabalari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Tadbir doirasida yoshlarga Qoʻriqlash tizimi haqida atroflicha maʼlumotlar berilib, turli koʻrgazmalar namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Yakunda esa talabalarning Qoʻriqlash boshqarmasi "Shon-sharaf" muzeyiga ham sayohat tashkil etilib, tizimining qadimgi davlatchilik tarixi davridan boshlab, bugungi kungacha bosib oʻtgan yoʻli haqida maʼlumotlar berildi.