MUAMMOLARNI MANZILLI BARTARAF ETISH BO‘YICHA MULOQOT O‘TKAZILDI
Milliy gvardiya tizimlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlarning muammolarini manzilli o‘rganish va ularni qiynab kelayotgan masalalarga yechim topish maqsadida mas’ullar tomonidan reja asosida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Kuni kecha ana shunday o‘rganishlardan biri Toshkent harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan va Toshkent viloyati “Qo‘riqlash” boshqarmasi shaxsiy tarkibi, ularning oila a’zolari hamda nafaqadagi tinchlik posbonlari bilan ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul avvalida mutasaddi rahbarlar tomonidan xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish hamda tizimda intellektual, jismoniy va jangovar salohiyatni oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng ishga joylashish, xodimlarni ota-onalarini imtiyozli dam olish maskanlariga yo‘llanma asosida yuborish, moddiy yordam ajratish, ishsiz xodimlarning turmush o‘rtoqlarini tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun ko‘maklashish, kommunal xizmatlar, farzandlarini maktabga va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirish kabi va o‘nlab yo‘nalishlardagi masalalarga oid murojaatlar tinglandi.
Qilingan murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqib hal qilish uchun nazoratga olingan holda tegishli tashkilotlarga yuborildi, murojaat egalariga yo‘nalishlari doirasida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Jahon va o‘zbek adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub turli janrdagi asarlardan tarkib topgan kitob yarmarkasi ham tadbirga tashrif buyurganlarga manzur bo‘ldi. Tinchlik posbonlari turli nomdagi bosma nashrlar, shuningdek farzandlari uchun bolalar adabiyoti namunalarini ham xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.