Sport bilan shug‘ullanish, jamoada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda, birdamlikni oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa muntazam sport bilan shug‘ullanib, jismoniy va jangovar shaylikni oshirib borayotgan "Qo‘riqlash" xizmati xodimlari o‘rtasida tashkil etiladigan musobaqalar murosasiz ko‘rinish kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida "Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!" shiori ostida sportning kurash turi bo‘yicha Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi boshlig‘i kubogi musobaqasi tashkil etildi. Unda 100 ga yaqin Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, shahar va tuman "Qo‘riqlash" bo‘limlari polvonlari o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Har bir bahslar tajribali hakamlar tomonidan odilona boshqarib borildi. Musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun gilamga tushgan polvonlar murosasiz kurash olib borishdi.
Qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan musobaqada g‘oliblar aniqlanib, tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan birinchi, ikkinchi, uchinchi darajali diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tashkil etilayotgan bu kabi musobaqalar shaxsiy tarkib orasida kurash sport turini ommalashtirishda, salomatligini mustahkamlashda, do‘stlik va hamjihatlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.