YOSHLARNING IQTIDORINI YUZAGA CHIQARISH UCHUN BELLASHUVLAR TASHKIL ETILDI
Mamlakatimizda har tomonlama sogʻlom avlodni tarbiyalashda taʼlim-tarbiya va sportning oʻrni va taʼsirini yanada kuchaytirish, sogʻlom bola tarbiyasida mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning rolini yanada oshirish muhim vazifalardan sanaladi. Sport yosh avlodni aqlan va jismonan shakllanishida muhim vazifani oʻtaydi. Shu boisdan bugun yosh avlodni har tomonlama sogʻlom kamol topishlari uchun yurtimizda sportga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Namangan viloyatida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan Yangiqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Yosh gvardiyachilar” bolalar va oʻsmirlar sport maktabida sportning futbol va voleybol turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi.
Har bir bellashuv qizgʻin va murosasiz bahslarga boy oʻtdi. Musobaqalarni tajribali sport hakamlari odilona baholab borishdi.
Oʻtkazilgan musobaqalardan koʻzlangan maqsad – oʻquvchi yoshlarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish bilan birga ularning yil davomida oʻzlashtirgan koʻnikmalarini koʻzdan kechirish va ularni ruhlantirishdan iboratdir. Bellashuvlar yakuni boʻyicha birlashib yaxshi natijalarni koʻrsatgan jamoa aʼzolari gʻolib boʻlishga erishdilar va boshqarma rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.