O‘TA MUHIM VA TOIFALANGAN OB’YeKTLARNI QO‘RIQLAYOTGAN VAZIRLIKLAR VA IDORALARNING IDORAVIY HARBIYLASHTIRILGAN QO‘RIQLASH BO‘LINMALARI ISHCHI-XIZMATCHILARI O‘RTASIDA KO‘RIK-TANLOV MUSOBAQASI BO‘LIB O‘TDI
Bugungi kunda huquq tartibot idoralarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kuni kecha o‘ta muhim va toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlayotgan vazirliklar va idoralarning idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi-xizmatchilari o‘rtasida ko‘rik-tanlov musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Sport bilan doimiy mashg‘ul bo‘lish va jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqalarda respublikamizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan 13 ta jamoalar ishtirok etishdi. Bellashuvlar avvalida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga xavfsizlik qoidalari hamda shartlarni bajarish tartiblari tushuntirildi. Shundan so‘ng, ishtirokchilar qizg‘in bahslarga kirishdilar. O‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyatda kechgan musobaqa davomida xodimlarning jismoniy imkoniyatlari sinovdan o‘tkazildi.
Ko‘rik tanlov 3 turda tashkil etilib, birinchi turda ishtirokchilar turnikda tortilish, 100 hamda 3000 metr masofaga yugurish mashqlaridan imtihon topshirdilar. Musobaqaning 2 turida esa qatnashchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini test sinovlarida sinab ko‘rishdi. Bundan tashqari ko‘ngilsiz hodisalar yuz berganda fuqarolarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarini amalda namoyish etishdi.
Shundan so‘ng o‘q otish bo‘yicha amaliy imtihonlarda merganlik mahoratlar sinovdan o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, bellashuvlarni malakali hakamlar odilona baholab borishdi.
Murosasiz kechgan ushbu musobaqa natijalariga ko‘ra O‘zbekiston temir yo‘llari jamoasi uchinchi o‘rinni, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ jamoasi ikkinchi o‘rinni, Milliy gvardiya "Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi jamoasi esa faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning yopilish marosimida g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan tantanali ravishda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.