"QOʻRIQLASH" XIZMATI AFZALLIKLARI YUZASIDAN MAʼLUMOTLAR YURTDOSHLARIMIZGA YETKAZILMOQDA
Bugungi kunda zamonaviy va eng soʻnggi turdagi texnik qoʻriqlov vositalari imkoniyatlari orqali respublikamiz boʻylab oʻgʻirlik va boshqa turdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga erishib kelinmoqda. Aynan ushbu faoliyat bilan yurtdoshlarimizni yaqindan tanishtirish maqsadida Xorazm viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch shahrining Maʼrifatchi, Navroʻz va Istiqlol mahallalarida "Qoʻriqlash" xizmati afzalliklari yuzasidan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Tadbirlar doirasida fuqarolarga zamonaviy qoʻriqlov signalizatsiya vositalarining turlari va vazifalari hamda afzallik jihatlari yetkazildi. Xizmat avtobusda tashkil etilgan integrallashgan qoʻriqlov vositalarining namoyishi esa oʻz xonadonini qoʻriqlovga topshirmoqchi boʻlgan fuqarolar uchun juda foydali boʻldi deyish mumkin. Negaki, ular mol-mulklarining qoʻriqlovi qanday vositalar asosida amalga oshirilishini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar.
Taʼkidlash joizki, targʻibot-tashviqot natijalarida shu yerning oʻzida 4 ta tadbirkorlik subyektlari va 6 ta xonadon egalari "Qoʻriqlash" xizmatidan foydalanish istagini bildirdi va ushbu fuqarolardan belgilangan tartibda arizalar qabul qilindi.
Bu kabi tadbirlar respublikamizning barcha hududlari boʻylab oʻtkazilmoqda.