Mahallalarda xavfsiz muhit – ustuvor vazifa
Bugungi kunda yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar tinchligi va mulki daxlsizligini kafolatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Ichki ishlar vazirligi hamda Qoʻriqlash Departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar alohida ahamiyatga ega.
Aholining Qoʻriqlash xizmati faoliyati haqida chuqurroq maʼlumotga ega boʻlishi, tizim imkoniyatlari va afzalliklari bilan yaqindan tanishishini taʼminlash maqsadida joylarda targʻibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, kuni kecha Surxondaryo hamda Buxoro viloyatlarida oʻtkazilgan navbatdagi targʻibot tadbirlarida fuqarolarning xavfsizlik choralarini koʻrishda shaxsiy masʼuliyatini oshirishga, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Koʻrgazmali tarzda tashkil etilgan uchrashuvlarda Qoʻriqlash xizmatining maqsad va vazifalari, obyekt va xonadonlarni qoʻriqlovga olish tartiblari, oʻrnatiladigan texnik jihozlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Mahallada xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi xotirjamligini taʼminlashda soha imkoniyatlaridan samarali foydalanish tavsiya etildi.
Qoʻriqqa topshirish istagini bildirgan fuqarolarga murojaat etishlari uchun tarqatma materiallar tarqatildi. Aytish kerakki, bugungi kunda xizmat xodimlari tomonidan hududlarda videokuzatuv kameralari, obyekt va xonadonlar uchun signalizatsiya tizimlari hamda “tashvish tugmasi” kabi xavfsizlik vositalarini joriy etish orqali jinoyatlarning oldini olishda samaradorlikka erishilmoqda.