Bayram arafasida maʼmuriy binolar foydalanishga topshirildi
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumani, Namangan viloyati Pop tumani hamda Jizzax shahar "Qoʻriqlash" boʻlimlarining yangi maʼmuriy binolari foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirlarda Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev, tuman va shaharlar hokimliklari vakillari, "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilar, tuman-sektorlar rahbarlari, tizim faxriylari, shaxsiy tarkib va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻzining kirish soʻzida, bayram arafasida foydalanishga topshirilayotgan maʼmuriy binolar shaxsiy tarkib uchun munosib sovgʻa ekanligini taʼkidlab, tantanali marosimlarga tashrif buyurgan mehmonlarni va saf tortib turgan barcha Milliy gvardiya xodimlarini hamda ular orqali barcha safdosh doʻstlarni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 33 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbirlarda soʻz olganlar "Qoʻriqlash" xodimlarini yangi binolar bilan tabriklab, yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida samarali xizmat olib borish, jamoat tartibini saqlash hamda jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulklarini ishonchli qoʻriqlovini saqlashdek sharafli va ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ramziy lentalar kesilgach, tashrif buyurganlar yangi binolardagi katta va yoriq xizmat xonalari, jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirib borish uchun tashkil etilgan sport zallari, barcha zaruriy tibbiy vositalar va anjomlar bilan toʻldirilgan tibbiyot va ruhiy yengillik xonalari, ziyo maskani boʻlmish kutubxonalar va merganlik mahoratlarini oshirish uchun elektron oʻq otish xonalari hamda fuqarolarni qabul qilish markazlari bilan yaqindan tanishdilar.
Endilikda ushbu binolarda xodimlar kasbiy va jismoniy mahoratlarini oshirib, "Qoʻriqlash" xizmati sifatini oshirishadi.