Yangiliklar

31 Iyul 2023

AYOL HARBIY XIZMATCHI VA XODIMALARNING JAMIYATDAGI ROLINI KUCHAYTIRISH MAQSADIDA UCHRASHUV TASHKIL ETILDI

Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan viloyatdagi ayol harbiy xizmatchi va xodimalar uchun “Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” xizmati saflarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etgan uchrashuvda bugungi kunda xodimalarning samarali faoliyat olib borishlari uchun ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.

Shu o‘rinda tinchlik posbonlarni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish borasida mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Suhbat jarayonida shaxsiy tarkib orasida ayollarning tutgan rolini yanada kuchaytirish, xodimalarning xizmat intizomini mustahkamlash, ularning oilaviy ahvolini o‘rganish hamda oilaviy nizolarning oldini olish kabi muhim jihatlar ham muhokamalar mavzusiga aylandi.

Kunning ikkinchi qismida esa ayol harbiy xizmatchi va xodimalarning salomatligini mustahkamlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida viloyat tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, chuqurlashtirilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi. Maqsad esa – yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli kasalliklarni erta aniqlash, o‘zlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir.

Kun yakunida esa mas’ullar va xodimalar ishtirokida Samarqandning tarixiy obidalariga kichik sayohat ham tashkil etib yana bir bor qadimiy va betakror tariximiz bilan yaqindan tanishlari uchun zamin yaratildi.