Vatanparvarlik oyligi doirasida bugun Qoʻriqlash Departamentida xodimlarning farzandlari uchun “Ota-onam bilan bir kun” loyihasi hamda Yangi yil bayramiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Vatanparvarlik oyligi doirasida Qoʻriqlash Departamentida xodimlarning farzandlari uchun “Ota-onam bilan bir kun” loyihasi hamda Yangi yil bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Ushbu tashabbus orqali yosh avlodni Vatanga muhabbat, kasbga hurmat va masʼuliyat ruhida tarbiyalash, shu bilan birga ota-ona mehnati bilan yaqindan tanishtirish maqsad qilindi.
Tadbir doirasida bolalar ota-onalari bilan bir kun davomida yelkama-yelka turib, ularning xizmat faoliyatini kuzatdilar. Bu jarayonda farzandlar qoʻriqlash xizmatiga xos intizom, sergaklik va fidoyilik kabi fazilatlarni amalda koʻrib, kasbning naqadar masʼuliyatli ekanini his etdilar.
Shuningdek, bolalar uchun Qoʻriqlash Departamentining shonli muzeyiga sayohat uyushtirildi. Muzey ekspozitsiyalari orqali ular tizim tarixi, shijoatli xizmat anʼanalari va fidoyi xodimlar haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar. Keyinchalik maxsus xizmat transport vositalari bilan tanishuv oʻtkazilib, ularning texnik imkoniyatlari va xizmatdagi oʻrni namoyish etildi.
Tadbir davomida turli bellashuvlar va interaktiv oʻyinlar tashkil etilib, faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bayramona kayfiyat esa Qoʻriqlash Departamenti ansamblining konsert dasturi bilan yanada yuksaldi. Qoʻshiq va raqslar, Yangi yilga xos chiqishlar bolajonlarga unutilmas taassurot ulashdi.
Mazkur tadbir yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, tinchlikni asrashga boʻlgan masʼuliyat va faxr tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qildi. Zero, bugungi bolalar — ertangi Vatan himoyachilari, tinch va osoyishta yurtning munosib davomchilaridir. Tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri xizmat itlarining chiqishi boʻldi. Mutaxassislar tomonidan xizmat itlarining tayyorgarligi, buyruqlarni bajarish mahorati koʻrgazmali tarzda namoyon etildi. Shu bilan birga, qurol-aslahalarning koʻrgazmali namoyishlari oʻtkazilib, bolalarga xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tushuntirishlar berildi.